Asakaovdon
Asakaovdon — Ustyurt platosining janubidagi tektonik botiq. Shimda Markaziy qirlar (Qorabovur qirlari) va janubida Ustyurt koʻtarilmalari (Qoplonqir qirlari va uning gʻarbdagi davomi) oʻrtasida joylashgan. Geologik jihatdan Asakaovdon bukilmasi oʻrniga mos keladi. A.da paleozoy jinslari 5000 m chuqurlikda joylashgan. Shimoliy yon bagʻrida Shoxpaxti va Shimoliy Asakaovdon strukturalari mavjud. Shoxpaxti strukturasida quyi yura yotqiziqlari quyi triasning argillit va ohaktoshlari ustida joylashgan. Yura va boʻr dav-ri yotqiziqlari qumtosh, gravelit, gil, ohaklashgan qumtosh, angidritdan iborat. Yuqori boʻrning yotqiziqlarida mergel va ohaktosh ham bor. Paleogen yotqiziqlari gilli alevrolit, neogenda sarmat yarusi (yuqori miotsen)ga oid ohaktosh, mergel va qumtoshlar kengroq tarqalgan. Apsheron yotqiziqlari (pliotsen), shagʻal va konglomeratdan iborat. A. usti qadimgi delyuvial-prolyuvial va yoshroq koʻl-allyuvial yotqiziklari bilan band. A.ning uz. gʻarbdan sharqqa qariyb 90 km, eni 20 — 40 km. Tubining mutlaq balandligi 30 dan 60 m gacha. Maydoni 5600 km². Janubiy qismi bir oz koʻtarilgan. Shimoliy qismi esa pastroq. A. tubining oʻrtaroq qismidagi zamini toshloq, gipslashgan marza botiqni ikkiga boʻlib turadi. Botiqlar tubida qoldiq doʻngliklar bor. Pastqamliklar koʻl-allyuvial yotqiziqlar bilan band. Shamol harakati natijasida turli relef shakllari hosil boʻlgan. Aning yon bagʻirlari chuqur oʻzanlar bilan oʻyilgan. A.da grunt suvlari atrofdagi kir va tekisliklarda vujudga kelib, botiq tomon oqim hosil keladi. Minerallashuv darajasi har lda 60 — 100 g ni tashkil qiladi. Sariqamish botigʻidagi koʻlning sathi koʻtarilib borayotganligi sababli A. grunt suvlari sathi ham sharqiy qism (Shoʻrja botigʻi)da koʻtarilib bormoqda. A.ning janubiy toshloqpi va marzali qismining tuprogʻi gipslashgan boʻz-qoʻngʻir tuproq, pastqamliklarda taqirlar, shoʻrxoklar bor. Aning sharqiy va markaziy hududlarida qorasaksovulzor va shoxilakzorlar keng tarqalgan, doʻngliklarda yulgʻun, qumliklarda juzgʻun, selin, qum akatsiyasi (quyonsuyak) oʻsadi. Shoxpaxti strukturasida tabiiy gaz konlari bor.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |