Kontent qismiga oʻtish

Shistosomoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shistosomoz

Shistosomozning hayot sikli
KXK-10 B65
KXK-9 120

Shistosomoz issiq mamlakatlar aholisi oʻrtasida siydik – tanosil aʼzolarining eng koʻp tarqalgan parazitar kasalligidir[1].

Etiologiya va patogenezi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Siydik – tanosil aʼzolari shistosomozini Schistosoma haematobium qoʻzgʻatadi. Shistosomozning rivojlanish sikli xoʻjayinning almashishi bilan bogʻliq. Jinsiy voyaga yetgan turi oxirgi xoʻjayin – odamning kichik chanoq venoz chigallarida yashaydi. Gelmintozning eng koʻp tarqalgan joyi Afrika boʻlib, u yerda 25% aholi zararlangan[2]. U choʻmilganda yoki zararlangan suvda ishlaganda yuqadi. Rossiyada va Respublikamizda bu kasallik Afrika davlatlaridan kelgan odamlarda uchraydi.

Schistosomiasis world map – DALY – WHO2004

Shistosomozning umumiy namoyon boʻlishi asosida toksiko – allergek reaksiya yotadi, bu jinsiy voyaga yetgan gelmentlar va ularning tuxumlari hamda migratsiya qilib yuruvchi lichinkali turlarining parchalanishi va moddalar almashinuvi maxsulotlarining organizmga tushishi natijasida paydo boʻladi. Qovuqda roʻy bergan maxalliy oʻzgarish koʻpincha va birinchi navbatda bu kasallikning patogenezida asosiy boʻladi. Kasallikni voyaga yetgan gelmintlar va ularning tuxumlari qoʻzgʻatdi. Urgʻochi gelmint oʻz tuxumlarini qovuqning shilliq osti, kamroq shilliq va mushak qavatlariga qoʻyadi. Tuxum atrof toʻqimaga mexanik taʼsirdan tashqari, kimyoviy taʼsir ham koʻrsatadi, bunga miratsidiy (parazitning rivojlanishida birlamchi lichinkali bosqichi) ajratadigan fermentning erituvchi taʼsiri sabab boʻladi. Shistosomozli infiltrat – „bilgarsioma“ hosil boʻladi. Shilliq osti va mushak qavatining ostida joylashgan tuxum oʻladi va kalsifikatsiyaga uchraydi. Bu jarayonning ommoviy xarakteri qovuq devorining fibroziga va unda qon aylanishining buzilishiga olib keladi. Shilliq osti va mushak qavatining yalpi zararlanishi qovuqning bujmayib qolishiga sabab boʻladi. Siydik nayidagi patologik oʻzgarish uning ayniqsa koʻpincha intramural yoki qovuq oldi qismining torayishiga olib kelishi mumkin. Siydik nayining uzunasiga buyrak jomiga siljishiga qarab bu zararlanish kamroq aniqlanadi, lekin baʼzan jarayon hatto, buyraklarda ham namoyon boʻladi. Siydik naylarining ikki tomonlama zararlanishi xos va eng koʻp uchraydi. Bunda gidronefrotik transformatsiya paydo boʻladi, koʻpincha piyelonefrit bilan asoratlanadi, bu buyrakning yetishmovchiligi rivojlanishiga yordam beradi. Bemorlarning yarmida bir vaqtning oʻzida oʻpkaning zararlanishi aniqlanadi. Siydik – tanosil aʼzolari shistosomozi koʻpincha siydik – tosh kasalligi bilan asoratlanadi, bunga siydikning dimlanishi yordam beradi. Shistosomoz bilan zararlangan qovuqning shilliq qavati rak kasalligiga moyil boʻladi degan fikr mavjud. Venoz chigallari anastomozida aylanib yuruvchi parazitlar siydik tizimidan tashqari, kamdan – kam boʻlsa ham jinsiy aʼzolar (prostata bezi, urugʻ pufakchalari, moyak ortigʻi, urugʻ yoʻllari)ga kiradi, bu aʼzolarning shistosomoz bilan zararlanishiga sabab boʻladi[3].

Shistosomoz tufayli Astsit va portal gipertenziayaga uchragan 11 yoshli Fillipinlik bolakay

Simptomlari va klinik kechishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kasallikning yuqishi bolalik davrida sodir boʻlgan boʻlsa ham, odatda, u oʻn yoshdan yigirma yoshgacha namoyon boʻladi. Klinik kechishiga qarab oʻtkir va surunkali shistosomoz farq qilinadi. Oʻtkir shistosomoz bir necha bosqichlarda kechadi: 1 bosqich – inkubatsion davri, yaʼni kasallik yuqqan davrdan uning birinchi simptomlari paydo boʻlgungacha oʻtgan davr II bosqich – teri zararlanishining dastlabki davri – serkariylar kirishi, ularga proteolitik fermentlar taʼsiri va keyinchalik shistosomlar migratsiyasi bilan bogʻliq. Qoʻzgʻatuvchining birlamchi kirishi baʼzan faqat bir oz qichishish bilan kuzatiladi va bilinmasdan oʻtib ketadi. Qayta zararlanganda teridagi oʻzgarishlar aniqroq koʻzga tashlanadi va tez – tez paydo boʻladi, bu bemor organizmining sensibilizatsiya boʻlishi bilan bogʻliq. III bochqich- ikkilamchi inkubatsion davr -tinchlanish davri, bu 3 haftadan 12 haftagacha davom etadi. IV bosqich – umumiy oʻtkir shistosomoz. Bu bosqich shistosomning portal va mezenterial tizimda rivojlanishi va ularning chanoq venoz chigallarida tarqalishi bilan bogʻliq. U allergiya simptomlarining asta – sekin yoki birdaniga paydo boʻlishining kuchayishi va umumiy axvolning yomonlashishi bilan boshlanadi. Umumiy xolsizlanish, quvvatsizlanish, bosh ogʻrigʻi, ishtahaning yoʻqolishi fonida bugʻimlarda va yelkada har xil darajadagi ogʻriq aniqlanadi, oyoqlarda yoki butun gavdaning terisida oʻtkir toshma, isitma, sovqotish, koʻp terlash bilan almashadi. Bu davrning klinik koʻrinishi aniq boʻlmaydi va boshqa infeksiyalar: qora oqsoq, bezgak, ich termala va boshqalarni eslatadi.

infeksiyaning gistologik koʻrinishi)

Surunkali shistosomoz

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Surunkali shistosomoz[4] ham bir necha bosqichlarda rivojlanadi. Ulardan birinchisi – vaqtli surunkali shistosomoz. Qoʻzgʻatuvchisi kirgandan keyin 2-6 oy oʻtib qovuq tomonda kasallikning belgilari paydo boʻladi. Bu bosqich bir necha yil davom etishi mumkin va bilinmasdan kasallikning keyingi bosqichiga – kechki surunkali shistosomozga oʻtadi. U birinchi navbatda yuqori siydik yoʻllarida kasallikning asoratlari rivojlanishiga olib keluvchi, toʻqimalarda proliferativ va tiklanish jarayonlari bilan xarakterlanadi. Migratsiya qiluvchi parazitlar siydik tizimidan tashqari venoz chigali anastomozlari orqali jinsiy aʼzolarni zararlaydi. Bu bosqichda kasallikning eng koʻp simptomi gematuriya, dizuriya, qorinda ogʻriq, quvvatsizlanish boʻladi. Gematuriya koʻpincha ogʻriqsiz, terminal kechadi. Uning manbai patologik oʻzgargan qovuqning shilliq qavati boʻladi. Juda kamdan – kam hollarda yuqori siydik yoʻllaridan qon ketish mumkin.

Shistosomozning aylanma hayot sikli

Shistosomoz tashxisida anamnez (shistosomozning endemik oʻchoqida boʻlish) maʼlumotlari katta ahamiyatga ega. Koʻzdan kechirish va paypaslash kam maʼlumot beradi. Siydik tahliliga katta eʼtibor berish kerak. Kompleks tekshirishlarda asosiy usul siydikni mikroskopiya qilish boʻladi. Shistosomni tuxumlarining topilishi (ovoskopiya usuli bilan) parazit kirganligining absolyut belgisi hisoblanadi. Gematuriya, proteinuriya, piuriya ham kasallik borligidan dalolat beradi, bu koʻpchilik bemorlarda kuzatiladi. Kasallikni tashxisida sistoskopiya katta axamiyatga ega. Qovuq shilliq qavatini qon tomirlar suratining surkalishi oʻchoqli giperemiyaning dastlabki belgisi hisoblanadi, lekin bu belgi ikkilamchi infeksiya bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin. Faol invaziyaning eng doimiy belgisi shistosomozli boʻrtmacha yoki „bilgarsioma“ hisoblanadi. Boʻrtmacha shilliq qavatning ustidan bir oz boʻrtib chiqib turuvchi yarimsferik sariq rangdagi tiniq hosiladan iborat boʻlib, atrofidagi shilliq qavatda yalligʻlanish boʻlmaydi. Sistoskopiyada shistosomozning boshqa xarakterli belgisi – polipoid hosila boʻlib, u qovuq shilliq qavatining gelmint hayot faoliyati mahsulotlari bilan taʼsirlanishi natijasida vujudga keladi. Bu hosila papillomaga oʻxshaydi, lekin uning nozik qizil baxmalsimon yuzasi kam harakatchan kalta tarmoqlar bilan hosil boʻladi, ular shuning bilan blastomatoz xarakterdagi papillomalardan farq qiladi. Qovuqdagi jarayonning kechroq bosqichlari uchun infiltratlar va shistosomozdan kelib chiqqan yaralar xos. Shistosomozli infiltrat shistosomoz boʻrtmachalaridan, granulyatsiyalar va kristallga oʻxshash hosilalardan tashkil topgan, qovuqning shilliq qavatidagi giperemiyalangan, notoʻgʻri shaklga ega boʻlgan hosiladan iborat.

Shistosomozli yara

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shistosomozli yara[5] – notoʻgʻri shaklga va vulqon ogʻziga oʻxshash qirraga ega. Yara chekkasida shish va giperemiya aylanasi joylashgan, tubi ilviragan granulyatsiya, fibrin yoki qon ivindisi bilan qoplangan boʻladi. Yara shikastlanganda va qovuq taranglashganda qonaydi, shuning uchun sistoskopiyani qovuqni toʻldirmasdan qilish tavsiya etiladi. Gelmint tuxumlarining toksik-allergik taʼsirida hamda rivojlanayotgan tromangitlar va tromboflebitlar natijasida qovuq devorining qon bilan taʼminlanishi buziladi. Shilliq qavatning qonsizlanishi fonida yupqalashgan shilliq qavat orqali oʻlib toshga aylangan (kalsifikatsiyalangan) tuxumning yaltirab turishi – qumli dogʻ koʻpincha koʻrinadi. Ular qovuq surunkali shistosomozining doimiy patognomik belgisi hisoblanadi. Sistoskopiyada siydik naylarining ogʻizchasi tomonda ularning deformatsiyalanishi koʻrinishidagi oʻzgarishni aniqlash mumkin, bu maʼlum darajagacha yuqori siydik yoʻllarining holatini bildiradi. Rentgenologik tekshirish siydik yoʻllarining holati toʻgʻrisida muhim maʼlumotni beradi. Umumiy rentgenogrammada koʻpincha ohaklangan joylarning konturlari aniqlanadi. Ekskretor urogrammalar va retrograd piyelogrammada yuqori siydik yoʻllari va buyraklarning zararlanish belgilari, siydik naylarini oʻtkazuvchanligining buzilishi, gidronefrotik transformatsiya aniqlanadi[6].


Differensial tashxis

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qovuqdagi shistosomoz sabab boʻlgan oʻzgarish (ayniqsa, polipoidli hosila) sistoskopiyada shu aʼzoning sil va oʻsma bilan zararlanishiga oʻxshashligini topish mumkin. Differensial tashxisida anamnez (shistosomozning endemik oʻchoqida boʻlish), ovoskopiya va endovezikal biopsiya muhim rol oʻynaydi.

Shistosomozda, odatda, uch valentli surma preparatlari va tioksantonli birikmalar bilan davolash oʻtkaziladi. Davolashning klassik kursi antimonil natriy tartratning (sinonimlari: vinnosurmiyanokaliyli tuz, qustiruvchi tosh) 1% li 12 ta eritmasi vena ichiga 4 hafta davomida kun ora inyeksiya qilishdan iborat. Boshlangʻich dozasi – 3ml dan asta – sekin 13 ml gacha oshiriladi. Kattalar uchun kurs dozasi 150 ml. (1,5g). Intensiv davolaganda davolash kursi 2-3 kunni tashkil etadi va antimonil natriy tartratning 1% li eritmasini 3 soat oraliq bilan sutkada 2-3 ta dan venaga yuborishdan iborat. Kurs dozasi bemorning 1 kg gavda vazniga preparatning 12 mg hisobidan belgilanadi, ammo absolyut dozasi 0,7 g dan oshmasligi kerak. Ambilgar (nitrotiazolil-imidazolidinon) sutkada 25 mg / kg hisobidan 5-7 kun, etrenol esa bir marta (2g) ichiladi. Operativ davolash asosan asosiy kasallik asoratlanganda (odatda, siydik nayining torayishlarida) qilinadi, dori – darmonlar bilan davolash kursi har doim operatsiyadan oldin olib borilishi kerak.

Tadbirlar parazitning hayot davrini toʻxtatishga qaratilgan. Ular oxirgi hoʻjayini – odamning organizmidagi voyaga yetgan parazitning asosiylarini yoʻqotishdan iborat, parazitning tuxumlarini suv havzalariga tushishini toʻxtatish, oraliq xoʻjayini – mollyuskalarni yoʻqotish, shistosomoz oʻchoqlarida turub qolgan va sekin oquvchi suv havzalarida choʻmilmaslik, ulardagi suvni faqat qaynatib yoki filtrlab ichish tavsiya qilinadi.

Oʻz vaqtida oʻtkazilgan spetsifik kimyoterapiyadan keyin va shistosomoz tufayli siydik yoʻllarida chandiqli torayishlar sababli rekonstruktiv – plastik operatsiyalar bajarilganda prognozi asosan yaxshi boʻladi.