Kontent qismiga oʻtish

Tele

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tele, tele (xitoycha: 丁零; pinyin: Dīnglíng, Wade-Giles: Ting-ling, Kaoçe (高車 basit: 高车; Gāochē), Chile (敕勒; Chìlè), Tiele (鐵勒 soddalashtirilgan xitoy yozuvi: 铁勒; Tiělè/Tʼieh-le) — ilk oʻrta asrlarda turkiy qabilalar katta bir qismining umumiy nomi[1][2][3]. Ushbu etnonim ilk bora mil. IV asrga oid Xitoy manbalarida uchraydi. Ulardan maʼlum boʻlishicha, mil. VI asrgacha „tele“ atamasi Gobi choʻlining shimoli, Xingan togʻlari (Manjuriya)ning gʻarbi va Tyanshan togʻlari atrofidagi keng hududdan to Orol va Kaspiy dengizi boʻylarigacha tarqalgan turkiy qabilalarning umumiy nomi sifatida ishlatilgan. Ushbu yilnomalardan ayon boʻlishicha, Tele qabilalari dastlab mil. av. 1 ming yillikda di hamda chidi nomi bilan atalgan, keyinchalik esa, dili, chile, dingling, gaogyuy, soʻngra Tele deb atala boshlagan.

Xitoy yilnomalarida taʼkidlanishicha, bir qancha qabilalar oʻz etnik nomiga ega boʻlsalar ham, kelib chiqishi jihatidan Telelarga borib taqalib, quyidagicha nomlanar edilar: veyxo (uygʻur), yuange, seyanto (sir tardush), kibi, dubo (tuba), guligan (quriqan), dolange (telengut), pugu (bugʻu), bayegu (bayirqu), tunlo (toʻngra), hun, adye (adiz), soʻgye (izgil), xuyeye, baysi (oq si) va hokazo. Suyshu nomli xitoy yilnomasida (7-asr) Tele qabilalariga mansub 50 ta qabila nomi keltiriladi. Xitoy yilnomalarida Telelarning tili hunlarimng tiliga oʻxshashligi qayd qilinadi. Ushbu maʼlumotga asoslanilsa ularning turkiy tilli xalq boʻlgani maʼlum boʻladi[4][5][6].

Tele etnonimi boʻyicha turlicha fikrlar bildirilgan:

1) bir qator tadqiqotchilar fikricha, Xitoy yilnomalaridagi Tele atamasining turkiy asli toles (toʻles, toʻlas) boʻlib, dastlab shu shaklda Urxun-Enasoy bitiktoshlari (VIIVIII-asrlar)da uchraydi va Turk xoqonligi (VIVIII-asrlar) va Uygʻur xoqonligi (VIIIIX-asrlar) davrida ushbu davlatlarning sharqiy qanotini boshqarish ular vositasida amalga oshirilgan;

2) I. Klyukin va L. Potapovning fikricha, Xitoy manbalaridagi Tele etnonimining asl turkiy shakli toʻlas emas, Tele boʻlgan; qadimiy Tele etnonimi hozir ham Oltoy va tuvaliklar orasida mavjud boʻlgan teleut, teles etnonimlarida koʻrinadi, yaʼni ushbu etnonimlarining negizi Tele boʻlib, qadimgi turk-moʻgʻul tillaridagi soʻz oxirida koʻplab yasaydigan qoʻshimchalar. t. s. undoshlari vositasida teleut va telesga aylangan;

3) hozirgi yapon va xitoy olimlarining fikricha, di, dili, dingling, chile, tele kabi atamalar „turk“ etnonimining turli davrlardagi xitoycha talaffuzidir; 4) ayrim tadqiqotchilar fikriga koʻra, T. atamasining asli „turo“ yoki „tura“ boʻlib, qad. Eron manbalarida, shu jumladan, „Avesto“da koʻchmanchi qabila sifatida tilga olingan „tur“ kabilasi bilan aloqalidir. Ularning fikricha, ushbu „tur“ yoki „turo“ soʻzlaridan „turk“ etnonimi shakllangan.

Tele va toʻlas etnonimi hozirgi kunda ham tele, teli, teles, telek, toʻloʻs, doolos (doʻoʻloʻs), teleut shakllarida bir qancha turkiy xalqlar tarkibida uchraydi.

  1. Drompp, Michael Robert. Tang China and the Collapse of the Uighur Empire: A Documentary History. BRILL, 2005 — 41, n. 7-bet. ISBN 90-04-14129-4. 
  2. Pulleyblank, Edwin G. (1991). "The "High Carts": An amalgamation of Mongolic and Turkic Speaking People before the Türks". Asia Major. Third series (Academia Sinica) 3 (1): 21–22. 
  3. Millward, James A.. Eurasian Crossroads: A History of Xinjiang (en). Hurst, 2007 — 42, note 2-bet. ISBN 978-1-84904-067-9. 
  4. Millward, James A.. Eurasian Crossroads: A History of Xinjiang (en). Hurst, 2007 — 42, note 2-bet. ISBN 978-1-84904-067-9. 
  5. Weishu Vol 103 Gaoju „高車,蓋古赤狄之餘種也,[…] 諸夏以為高車丁零。“ tr. „Gaoju, probably the remnant stock of the ancient Red Di. […] The various Xia (i.e. Chinese) considered them Gaoju Dingling (i.e. Dingling with High Cart)“
  6. Cheng, Fangyi. „The Research on the Identification between the Tiele (鐵勒) and the Oğuric tribes“ in Archivum Eurasiae Medii Aevi ed. Th. T. Allsen, P. B. Golden, R. K. Kovalev, A. P. Martinez. 19 (2012). Harrassowitz Verlag, Wiesbaden. p. 87