Karol Shimanovskiy
Karol Matsey Shimanovskiy, polyakcha: Karol Maciej Szymanowski (1882. 6.10, Timoshovka, Ukraina — 1937. 29.3, Lozanna) — polyak kompozitori, pianinochi, musiqajamoat arbobi, zamonaviy milliy kompozitorlik maktabi asoschisi, musiqiy oriyentalizmning yirik namoyandasi. Sanʼatkorlar oilasida tugʻilib, bolaligidan otasi, soʻng togʻasi (G.V.Neygauz)dan fortepiano saboqlarini olgan, 8 yoshida ilk ommabop konsert bergan. 1901-yildan Varshavada yashab, kompozitsiya va nazariy fanlardan taʼlim olgan, 1905-yil "Yosh Polsha" kompozitorlari safiga qoʻshilgan. Keyinchalik Avstriya va Germaniyada tahsil koʻrish jarayoni Sh. ijodiy uslubiga salbiy (milliylashish oʻrniga — nemislashish yoʻsinida) taʼsir koʻrsatgan. Ijodiy inqirozdan qutulish maqsadida Jazoir, Tunis va boshqalar Sharq mamlakatlariga yoʻl olib, ommaviydiniy marosim kuy va usullarini yozib olgan. Avvallari ham sharqona mavzularga ("Zulayho" qoʻshigʻi, "Hofizning ishqiy qoʻshiqlari" turkumi) murojaat qilib kelgan Sh., safardan qaytgach, "Hofizning ishqiy qoʻshiqlari — II", R.Tagor sheʼrlariga va "Ehtirosli muazzin qoʻshiqlari" vokal turkumlarini yaratdi ("Allohu akbar" deb nomlangan ilk qismida musiqiy oriyentalizmni teranlashtirib, taqlid manbaiga usluban tenglashishga muyassar boʻlgan). Kompozitorning sharqona asarlarining eng yetuk namunasi — Jaloliddin Rumiyning "Imshab" ("Bu kecha") radifli gʻazali asosida — yakkaxon xonanda, xor va simfonik orkestr uchun yaratgan "Tun haqidagi qoʻshiq" nomli 3-simfoniyasi (1914) dir. Sh., shuningdek, "Xagit" (1922), "Qirol Roger" (1926) operalari, "Xarnasi" (1934) baleti, qator diniy asarlar (mashhuri — "Stabat mater"), cholgʻu konsertlar, oʻnlab kamer turkumlar (ular orasida "Shahrizoda"), bir qancha ilmiy maqolalar va "Efeb" romani muallifi. Musiqiy romantizm va impressionizm tamoyillari, Uygʻonish davri musiqa unsurlari hamda milliy folklor janrlaridan ijodiy foydalanib, oʻziga xos musiqa uslubini yaratgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |